Suv parisi

3 000 сум
Olis – olislarda suvlari bo’tako’z gulbargidek zangori, shaffof shisha singari tip-tiniq, hech bir kema langari yetolmaydigan chuqur bir dengiz bo’lgan ekan. Juda ko’p qo’ng’iroqlarni ustma-ust qo’ygandagina bu dengiz yuzasiga chiqish mumkin ekan. Dengiz tubida suv osti xalqi yashar ekan.

Tag’in bu suvning tubi oppoq qumdan iborat tap-taqirlik ekan-da, deb o’ylamang. Yo’q, u yerda shox-u barglari o’ta egiluvchan g’aroyib daraxt va gullar o’sib yotar, ular suvning jinday harakatidan ham xuddi jonlidek tebranib turar ekan.
 
Bu shoxlar orasida esa bizning dunyomizdagi ochiq havodagi qushlar kabi katta-kichik baliqlar orom olishar ekan. Dengizning eng chuqur joyida dengiz shohining saroyi joylashgan bo’lib, uning devorlari marjondan, baland qirrador oynalari eng sof kahrabodan, tomi esa chig’anoqlardan iborat ekan, bu chig’anoqlar suvning ko’tarilib-pasayishiga mos ravishda goh ochilib, goh bekilib turar, bu juda go’zal manzara ekan, chunki har qaysi chig’anoq ichida jilolanib turgan marvarid bo’lib, uning har biri naq qirolicha oliyalarining tojiga ajoyib bezak bo’la olishi mumkin ekan-da.